Iqtisodiyot

“Radiks” korxonasining yangi liniyasi ishga tushdi

O‘zA, B.Xidirova, 31.08.2010 15:42

Vatanimiz mustaqilligining o‘n to‘qqiz yillik bayrami arafasida poytaxtimizdagi “Radiks” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining yangi liniyasi ishga tushirildi hamda mamlakatimizdagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida mahalliy xomashyo asosida yaratilgan bir qator zamonaviy tabiiy preparatlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Shu munosabat bilan bo‘lgan tadbirda davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, farmatsevtika sanoati korxonalari mutaxassislari ishtirok etdi.

“O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Mirzanozim Do‘stmurodov istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mamlakatimiz farmatsevtika sanoatida mahalliy xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish, eksport hajmini oshirish borasida yuksak natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.

Mustaqillikdan oldin yurtimizga dori-darmon va tibbiyot buyumlarining deyarli barchasi chetdan keltirilar edi. Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, tarmoqda mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish va yangi ishlanmalarni amalga tatbiq etish borasida zamonaviy tizim shakllantirilgach, mahsulot ishlab chiqarish sifati va salmog‘i oshdi. Hozir yurtimizda yuzdan ziyod zamonaviy farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda.

“Radiks” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi ham bundan sakkiz yil avval 20 turdagi tibbiy preparat ishlab chiqarish bilan faoliyat boshlagan edi. Korxonada bugun 12 farmakoterapevtik guruh bo‘yicha saksondan ortiq nomda dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2007 yil 19 noyabrda qabul qilingan “2011 yilgacha bo‘lgan davrda farmatsevtika tarmog‘i korxonalarini modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash Dasturi to‘g‘risida”gi qarori doirasida korxonada infeksiyalarga qarshi, infuzion eritmalar hamda antibiotiklar ishlab chiqaradigan yangi liniya ishga tushirildi. Bu yuzdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.

Korxona mutaxassislari va mamlakatimiz dorishunos olimlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan uzviy hamkorlik natijasida mahalliy xomashyodan tabiiy shifobaxsh preparatlar ishlab chiqarish hajmi oshmoqda. Viruslarga qarshi “Selagripp”, asab kasalliklarida qo‘llaniladigan “Radalin”, kardiologiyada ishlatiladigan “Allapinin” preparatlari shular jumlasidandir.

Ayni paytda “Radiks” korxonasi mutaxassislari ichki va tashqi bozor talablariga mos tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi investitsion loyihalar ustida ish olib borayotir. Bunday tadbirlar aholini sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash, eksport hajmini oshirish, yurtimizning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama