Iqtisodiyot

Jahon standartlari darajasidagi mahsulot

O‘zA, V.Nikolayev, 29.08.2010 20:08

Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami arafasida poytaxtimizda energiya tejaydigan lyuminissent lampalar ishlab chiqaradigan korxona foydalanishga topshirildi.

Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan mamlakatimizda innovatsion va mahalliylashtirilgan ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad keyinchalik mamlakatimiz korxonalari nafaqat muayyan mahsulotga bo‘lgan ichki talabni qondirishi, balki ularning xorij bozorlariga ham faol chiqishini ta’minlashdan iborat. Markaziy Osiyoda birinchi, import o‘rnini bosadigan va energiya tejovchi ixcham lyuminissent lampalar ishlab chiqaradigan yangi “Neo sun light” O‘zbekiston-Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasining ishga tushirilishi bu boradagi sa’y-harakatlar samarasidir.

Ushbu energiya tejaydigan lampalar sifat jihatidan dunyoda ishlab chiqarilayotgan shunday lampalardan aslo qolishmaydi. Ulardan uzoq vaqt, ya’ni uzluksiz 8000 soat (4 yilgacha) foydalanish mumkinligi ushbu lampalarning o‘ziga xos jihatlaridandir. Bu oddiy lampalardan foydalanish muddatiga qaraganda 8 marta ko‘p bo‘lib, elektr energiyasi ham 4-5 baravar kam sarflanadi.

Korxona direktori Bahodir Usmonovning aytishicha, loyihaning dastlabki bosqichi qisqa vaqt – sakkiz oy ichida amalga oshirilgan. Xitoydan qiymati 2 million AQSH dollarilik uskuna xarid qilingan, butun ishlab chiqarish jarayoni dunyoga mashhur Philips va Osram kompaniyalari texnologiyalari asosida tashkil etilgan. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish barcha uchastkalarni puxta test-nazoratdan o‘tkazishni ko‘zda tutadi. Demak, mahsulot sifati ham kafolatlanadi. Loyihani amalga oshirishda Mahalliylashtirish dasturi doirasida soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llash natijasida tejab qolingan mablag‘lardan foydalanildi.

Korxonada joriy yilning o‘zidayoq ikki million dona 11, 15, 20 va 25 vattli lyuminissent lampalari ishlab chiqariladi. Loyihaning ikkinchi bosqichi nihoyasiga yetgach, ishlab chiqarish hajmi 4 million donaga yetkaziladi. Sarflangan mablag‘larning umumiy miqdori 3,4 million AQSH dollarini tashkil etadi. Yangi qo‘shma korxona ishlab chiqarish salohiyatining o‘sishiga qarab, o‘zining raqobatbardosh mahsuloti bilan xalqaro bozorlarga chiqishni mo‘ljallamoqda.

Ta’kidlash joiz, butlovchi buyumlar va materiallarning 60 foizdan ortig‘i korxonaning o‘zida tayyorlanadi yoki sanoat kooperatsiyasi asosida mamlakatimiz korxonalaridan xarid qilinadi. Prezidentimizning 2009 yil 1 dekabrda qabul qilingan “Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori bunda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Hozir qo‘shma korxonada 200 ish o‘rni yaratilgan. Radiotexnika, kimyo, shishani qayta ishlash yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari va kollejlar bitiruvchilari yangi korxonaga ishga qabul qilinmoqda. Chet ellik mutaxassislar ularga ishlab chiqarishning barcha sir-asrorlarini o‘rgatmoqda va texnologik ko‘nikmalar bermoqda. Bu, o‘z navbatida, qo‘shma korxonaga ishga keladigan yangi ishchi-xodimlarga o‘z bilim va tajribasini o‘rgatadigan texnologlarning paydo bo‘lishiga yordam beradi.

Ushbu korxona zamonaviy texnologiyalar asosida yangi, import o‘rnini bosadigan va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishning muvaffaqiyatli o‘zlashtirilayotganining yorqin misolidir. Zero, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish borasidagi aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar tufayli shunday yutuqlarga erishilmoqda.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama