Iqtisodiyot

Lizing – iqtisodiy o‘sishning muhim omili

O‘zA, M.Mametova, 29.08.2010 17:48

Mamlakatimizda lizing xizmatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, lizing iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda muhim moliyaviy-tashkiliy vosita hisoblanadi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1999 yilda qabul qilingan “Lizing to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ushbu sohani yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda lizing kompaniyalari ham, tijorat banklari ham lizing faoliyatini samarali amalga oshirib kelmoqda. “Asaka” davlat-aksiyadorlik tijorat banki shular jumlasidandir.

Sanoat va qurilish korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik subyektlarining ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish hamda ko‘rsatayotgan xizmat turlarini kengaytirishi bugun ular foydalanayotgan uskunalar sifati va bahosi bilan bevosita bog‘liq. Bojxona bojlari va soliqlarni to‘lashda qator imtiyozlar berilgan lizing xizmati tadbirkorlarga kam pul sarflagan holda ishlab chiqarishning asosiy vositalarini yangilash yoki xarid qilish imkonini beradi. Shu bois mazkur xizmat turiga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin ortib borayotir va ajratilayotgan mablag‘lar hajmi ko‘paymoqda. Masalan, 2009 yilda “Asaka” banki mamlakatimiz tadbirkorlariga iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish uchun 70 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratdi. Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, bankning lizing portfeli 99 milliard so‘mdan oshdi.

Bank tomonidan lizing xizmatlari shaklida ajratilgan mablag‘lar iqtisodiyotning turli sohalarini yanada takomillashtirishga yo‘naltirildi. Masalan, 2010 yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha lizing portfeli 7,8 milliard so‘m, qurilish sohasida – 4 milliard so‘m, servis va xizmat ko‘rsatish sohasida – 1,3 milliard so‘mni tashkil etadi. Bank tomonidan ajratilgan mablag‘larga tibbiyot, matbaa, parrandachilik fabrikalari, to‘qimachilik va yog‘ochni qayta ishlash sanoati uchun zamonaviy uskunalar xarid qilindi.

Ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan korxonalardan biri – Buxorodagi “Max Wood Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati bankdan lizing shaklida 330 million so‘m olgan edi. Natijada korxona maxsus uskuna xarid qildi va laminatsiyalangan DSP ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Xarid qilingan texnologiya yiliga 53 mingta laminatsiyalangan DSP ishlab chiqarish imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, “Asaka” banki Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 26 yanvarda qabul qilingan “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Ushbu yo‘nalishda bank joriy yil 1 avgustga qadar qiymati 16,46 milliard so‘mlik lizing xizmatlarini ko‘rsatdi. Ajratilgan mablag‘ parrandachilik, non va non mahsulotlari, makaron ishlab chiqarish, sut, go‘sht, meva-sabzavotlarni qayta ishlash uchun zarur uskunalar xarid qilishga yo‘naltirildi.

Bularning barchasi mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish va xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama