Iqtisodiyot

Moliyaviy sog‘lomlashtirish samarasi

O‘zA, V.Nikolayev, 27.08.2010 17:19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 18 noyabrda qabul qilingan “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashda mamlakatimiz banklari ham faol ishtirok etmoqda.

Banklar tomonidan bankrot korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va qayta tiklash, ularni texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish hamda qaytadan jihozlashni ta’minlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilishi mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki iqtisodiy nochor korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini qayta tiklash va ularning negizida bankning sho‘ba korxonalarini tashkil etish orqali iqtisodiyot turli sektorlaridagi korxonalarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashda o‘z kapitali bilan ishtirok etayotir.

Ayni paytda bank balansiga qabul qilingan 41 korxonada ishlar qayta tiklanib, ishlab chiqarish jarayoni boshlangan. Milliy bank ishlab chiqarishni qayta tiklash, iqtisodiy nochor korxonalarni modernizatsiya qilish va zarur aylanma kapitali bilan ta’minlash uchun 35,3 milliard so‘m ajratdi. Mazkur korxonalar tomonidan 75,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, qiymati 28,6 million AQSH dollariga teng tovarlar eksport qilindi, 5656 yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, qabul qilingan mulklarni bo‘lajak investorlarga sotish ishlari ham izchil olib borilmoqda.

Qayta tashkil etilgan barcha korxonalar jadal rivojlanmoqda. Moliyaviy sog‘lomlashlashtirish tendensiyasini sobiq “O`zbek Qog`ozi” ochiq aksiyadorlik jamiyati bankrot deb e’lon qilingandan so‘ng qayta tiklangan, yangi “Toshkent Qog`ozi” mas’uliyati cheklangan jamiyati misolida ham ko‘rish mumkin. 2009 yilda bankrot deb e’lon qilingan korxona Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki balansiga o‘tkazildi hamda bank aylanma mablag‘larni to‘ldirish va modernizatsiya qilish uchun uni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatladi. 2010 yilning mayida ustav jamg‘armasi qariyb 22 milliard so‘mlik yangi ishlab chiqarish paydo bo‘ldi.

Bu borada amalga oshirilishi belgilangan barcha ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 22 iyulda qabul qilingan “Respublikada qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida bajarilmoqda. Ushbu hujjatda mamlakatimizda qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishni ta’minlashga doir qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlangan.

Ushbu hujjatga binoan, xususan, qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarishning xomashyo bazasini yanada rivojlantirish, ikkilamchi qog‘oz chiqindilarini to‘plash, tayyorlash, yetkazib berish hamda qayta ishlash hajmini oshirish choralari ko‘riladi. Hujjatda, shuningdek, matbaa korxonalarini modernizatsiya qilish, ularning faoliyatiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish zarurligi alohida qayd etilgan. “Toshkent Qog`ozi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ahil jamoasi bugun ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida samarali mehnat qilmoqda.

Korxonada qog‘oz makulaturadan tayyorlanadi. Sexlarda qog‘oz tayyorlaydigan uchta mashina, karton tayyorlaydigan uskuna ishi qayta tiklangan. Daftarlar ishlab chiqarish bo‘yicha avtomatik liniya, shuningdek, qog‘oz quti tayyorlash uskunalari ta’mirlanmoqda. Korxona yiliga 20 ming tonna qog‘oz mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidan ma’lum qilishlaricha, bank korxona binolari va infratuzilmasini qayta tiklash, uskunalarga butlovchi qismlar sotib olish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha investitsiyalar kiritishni mo‘ljallamoqda. Qog‘oz tayyorlaydigan to‘rtinchi mashinaning texnologik liniyasini takomillashtirish, qozonxonani kapital ta’mirlash, ishlab chiqarish inshootlari va ma’muriyat binosini joriy ta’mirlash ham ko‘zda tutilayotir. Korxonaning barcha uskunalarini shu yilning oxirigacha to‘liq tiklash rejalashtirilmoqda.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama