Iqtisodiyot

Yangi chorvachilik majmuasi ishga tushdi

O‘zA, D.Esonova, 27.08.2010 16:01

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – istiqlolimizning o‘n to‘qqiz yilligi arafasida Sirdaryo tumanida chorvachilikni rivojlantirishga ixtisoslashgan “Inter milk” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.

Prezidentimizning 2008 yil 21 aprelda qabul qilingan “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori serdaromad soha – chorvachilikni yanada rivojlantirish, naslli mollarni ko‘paytirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur yo‘nalishda Sirdaryo viloyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotir.

Xorijdan zotdor qoramollar olib kelinib, ularni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, zamonaviy chorvachilik komplekslari tashkil etilayotgani kelgusida viloyatda chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va yakka tartibdagi chorvadorlarni naslli mollar bilan ta’minlash, yetishtirilgan mahsulotni shu yerning o‘zida qayta ishlash imkonini beradi.

Sirdaryo tumani “Haqiqat” suvdan foydalanuvchilar uyushmasi hududida tashkil etilgan “Inter milk” mas’uliyati cheklangan jamiyatining chorvachilik kompleksi 1000 bosh qoramolni parvarishlashga mo‘ljallangan. Gollandiyaning zamonaviy texnologiyalari asosida jihozlangan, to‘liq kompyuterlashtirilgan ushbu majmua qisqa muddatda sifatli qurilib, ishga tushirildi. Joriy yilning aprel oyida bu yerga Gollandiyadan 475 bosh qora-ola zotli sigir va buzoqlar keltirildi.

– Ozuqa ekinlari yetishtirish uchun keng imkoniyat yaratilib, 814 gektar yer maydoni ajratildi, – deydi korxona direktori O‘rozali Kenjayev. – Ushbu maydonlarning 320 gektariga silos uchun makkajo‘xori, 132 gektar yerga beda, 152 gektarga arpa, 190 gektar yerga boshqa ozuqabop ekinlar ekildi. Bu chorva mollar mahsuldorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Chorvachilik majmuasida qoramol va buzoqlar parvarishi uchun Gollandiya texnologiyasi qo‘llanmoqda. Xususan, molxona va boshqa zarur xonalarda haroratni qishin-yozin bir me’yorda saqlash imkoniyati yaratilgan. E’tiborli jihati, bahorda olib kelingan mollarning o‘zidan shu kungacha 170 bosh buzoq olindi. Shu kunlarda 40 bosh sigirning har biridan 20-25 litrdan sut sog‘ib olinayotir.

Ayni paytda kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ishlari o‘z vaqtida, sifatli bajarilmoqda. Jumladan, 1666 tonna silos, 518 tonna beda senaji, 175 tonna beda xashagi jamg‘arib qo‘yildi.

Yaqinda korxona hududida kuniga 10 tonna sutni qayta ishlovchi mini zavod ishga tushiriladi. Shuningdek, zotli mollar bosh sonini mingtaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Yangi majmuada 110 nafar kishi ish bilan ta’minlandi.

Majmuani foydalanishga topshirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda viloyat hokimi O.Ashurmatov ishtirok etdi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama