![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Izlagan imkon topadiO‘zA, Sayyora Shoyeva, 30.07.2010 12:02 Mamlakatimizda istiqlol yillarida mulkka va mulkdorga munosabatning o‘zgargani, dehqon mehnatining qadrlanayotgani, mirishkorlarning erkin faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani fermerlarni yangi-yangi marralarga undamoqda. Berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan fermerlar nafaqat xomashyo tayyorlovchi, balki o‘z korxonalariga ega tadbirkorga aylanmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2006 yil 24 avgustda qabul qilgan “Qishloq xo‘jaligi uchun minitexnologiyalar va ixcham uskunalarning Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini o‘tkazishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada keng imkoniyatlar ochdi. Mazkur ko‘rgazma-savdoda har yili minglab fermerlar xo‘jaliklari uchun zarur texnika va texnologiyalarni xarid qilib, qayta ishlash sanoati rivoji va aholini ish bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotir. Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi “O‘tkir Mahmudov” fermer xo‘jaligi bu borada sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Joriy yilning bahorida bo‘lib o‘tgan yarmarkada ishtirok etgan fermer Gulchehra Mahmudova tegishli kompaniyalar bilan sutni qayta ishlaydigan texnologiya, g‘alla o‘ruvchi yuqori unumli texnika xarid qilish uchun shartnomalar imzoladi. – Yarmarkada tuzilgan shartnomamizga asosan zamonaviy kombaynning o‘rim-yig‘im mavsumi oldidan yetib kelgani samaradorlikni oshirishda juda qo‘l keldi, – deydi G.Mahmudova. – Nasos yordamida sug‘oriladigan yerlarda 30, urug‘lik yetishtirilayotgan maydonlarda 50 sentnergacha hosil olishga erishdik. G‘alla yetishtirish shartnoma topshirig‘ini ortig‘i bilan bajarib, 100 million so‘m daromad oldik. Ayni paytda Isroildan olib kelingan sutni qayta ishlaydigan uskunani ishga tushirdik. Yangi yer ochishning zahmati katta. Qamishzorni ochib, bog‘ yaratishning o‘zi bo‘lmaydi. Xo‘jalik yangi tashkil etilgan yili suv chiqmaydigan, tashlandiq yerda 30 gektar maydonga olma va uzum niholi qadab, bog‘ yaratgan mulkdor bugun uning mevasidan bahramand bo‘layotir. Ayni kunlarda olma hosili yig‘ilib, tumandagi qayta ishlash korxonasiga yetkazib berilayotir. Bundan tashqari, bir gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonada 50 tonna pomidor va bodring yetishtirildi. Dehqonchilikda yutuqlarga erishayotgan xo‘jalikda qoramollar soni ham ko‘payib, nasli yaxshilanmoqda. Hozir ularning soni 130 dan oshdi. Zotdor yilqi va qo‘ylar parvarishi ham doimiy e’tiborda. Ha, izlagan imkon topadi. Yerni qadrlagan, astoydil mehnat qilgan yurtimizda qut-baraka topaveradi. So‘nggi yangiliklar: To‘kinlik, farovonlik va baraka omili Xolisona tahlil va tanqid ruhida |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |