Iqtisodiyot

Imkoniyat va samara

O‘zA, Sayyora Shoyeva, 29.07.2010 16:40

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlar zamirida istiqlolimizning ilk kunlaridan amalga oshirilayotgan izchil, keng ko‘lamli islohotlar berayotgan yuksak samaralar mujassam.

Fermerlarga yaratilayotgan imtiyozlar natijasida bugun har qarich ekin maydoni, bog‘-rog‘ning taqdiri uchun javob beradigan mulkdor aniq. Endi dehqon birovdan ko‘rsatma va buyruq kutib o‘tirmaydi. Agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida, o‘z tajribasi va malakasiga tayanib amalga oshiradi.

Fermerlar agrar sohaning tayanchiga aylandi. Ular paxta va g‘alla yetishtiruvchigina emas, balki mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash, eksport qilish hamda aholiga servis xizmati ko‘rsatish borasida ham faollik ko‘rsatmoqda. Ularning sa’y-harakati bilan qishloqqa sanoat jadal kirib bormoqda, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Chashmai safed” fermer xo‘jaligi aholi dasturxoni to‘kinligini oshirish va farovonligini yuksaltirishga munosib ulush qo‘shayotir.

Dastlab 30 gektar yeri va 28 bosh qoramoli bo‘lgan xo‘jalikning bugun ekin maydoni 250 gektarga, qormollari soni esa qariyb 400 boshga yetdi. Unda 280 kishi ish bilan band. Naslli mollar sonini ko‘paytirish orqali mahsuldorlikni yaxshilish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 2007 yilda Gollandiyadan 30 bosh zotli sigir olib kelindi. Hozir ularning har biri o‘rtacha 30-35 litr sut bermoqda. 40 boshga yaqin zotdor buzoq olindi.

Xo‘jalikda qoramollar soni ortib borgani sayin fermer sutni qayta ishlash yo‘llarini izladi. 1998 yil sutni qayta ishlash jihozlarini xarid qilib, pishloq, brinza, qatiq, qaymoq kabi sut mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bugun “Chashmai safed” yorlig‘i bilan ishlab chiqarilayotgan 12 turdagi sut va 8 turdagi go‘sht mahsulotlari yurtimizning ko‘plab savdo do‘konlarida o‘z xaridorini topgan.

– O‘tgan yilning iyul oyida hayotimizda unutilmas voqea sodir bo‘ldi, – deydi “Chashmai safed” fermer xo‘jaligi rahbari Hamidxon Mo‘ydinxo‘jayev. – Viloyatimizga tashrif buyurgan Yurtboshimiz xo‘jaligimiz faoliyati bilan tanishdi. Go‘shtni qayta ishlash, g‘isht tayyorlash texnologiyalarini yanada takomillashtirish, chorva mahsuldorligini oshirish yuzasidan tegishli tavsiya va maslahatlar berdi. Bu bizning kuchimizga – kuch, g‘ayratimizga – g‘ayrat qo‘shdi.

Shu bois kuniga 500 kilogramgacha go‘shtni qayta ishlash quvvatiga ega uskuna xarid qildik. Hozir bu liniyada 20 nafar kishi 8 turdagi kolbasa mahsulotlarini tayyorlash bilan band. Kuniga 20 ming dona pishiq g‘isht tayyorlash quvvatiga ega korxonani ishga tushirish arafasidamiz. Ana shunda yana o‘nlab hamqishlog‘imiz ishli bo‘ladi. Qishloqqa sanoatni olib kirishimiz yaxshi natija berayotir. Erishayotgan yutuqlarimizning barchasi Prezidentimizning biz, fermerlarga ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rligi va qo‘llab-quvvatlashi tufaylidir.

Yuksak e’tibordan ruhlangan fermer yanada yuksak marralar sari intilmoqda. U o‘z hisobidan Kosonsoy-Namangan yo‘li bo‘yida qorovsiz yotgan yarim gektar maydonda aholiga maishiy xizmat ko‘rsatuvchi majmua barpo etdi. Bugun bu yerda novvoyxona, oshxona, mehmonxona, tantana va marosimlar uyi faoliyat ko‘rsatmoqda. 300 o‘rinli dam olish va sog‘lomlashtirish majmuasida qishloq yoshlari futbol, suzish, stol tennisi kabi sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

“Chashmai safed” fermer xo‘jaligida o‘tgan yili 950 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. H.Mo‘ydinxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkor, fermer va hunarmandlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Tashabbus-2010” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichida “Eng yaxshi fermer xo‘jaligi” nominatsiyasi bo‘yicha bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

Mahsulotni qayta ishlash va aholiga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlari evaziga har yili yaxshi foyda ko‘rayotgan xo‘jalikda xayriya tadbirlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida kam ta’minlagan oilalarga qariyb 15 million so‘mlik moddiy yordam berildi.

Ayni paytda xo‘jalikda bir gektarlik issiqxona qurish davom etmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 10 tonna pomidor va 12 tonna bodring yetkazib berildi. Ushbu issiqxona to‘liq bitkazilgach, unda ishlovchilar soni 20 nafarga yetadi.

Fermerning aholi dasturxoni to‘kinligini oshirish hamda mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanmoqda. Uning ko‘ksini “El-yurt hurmati” ordeni va “Shuhrat” medali bezab turibdi.

Bu mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish borasida yaratilgan keng imkoniyatlar berayotgan ulkan samaralarga yorqin misoldir.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama