Iqtisodiyot

“To‘qimachi-Angren” elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi foydalanishga topshirildi

O‘zA, Viktor Nikolayev, 28.07.2010 20:49

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash dasturi bu boradagi ishlar sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan. Buni “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat- aksiyadorlik kompaniyasining ko‘p qirrali faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 18 martda qabul qilingan “2009-2013 yillarda Temir yo‘l sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilishning kompleks dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq sohada ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va takomillashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

…Poytaxtimizdagi “Shimoliy” temir yo‘l vokzali bayramona bezatilgan. Bu yerga “To‘qimachi-Angren” elektrlashtirilgan temir yo‘lini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ishtirok etish uchun ko‘plab mehmonlar yig‘ilgan. Temiryo‘lchilar va jamoatchilik, mahalliy hokimiyat organlari va diplomatik korpus vakillari yo‘lovchi poyezdida “Angren” stansiyasi sari yo‘l oladi.

Ular “To‘qimachi-Angren” temir yo‘l liniyasi uchastkasini elektrlashtirish” loyihasi doirasida temir yo‘l bo‘ylab barpo etilgan inshootlar bilan tanishdi.

2002 yilda Germaniyaning rivojlanish banki (KfW) va Quvaytning Arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasining kredit mablag‘lari, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi mablag‘lari jalb qilingan holda, “To‘qimachi-Angren” elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi obyektini qurish boshlangan edi. Qurilishning umumiy qiymati 85,4 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad ushbu uchastkada mavjud dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan lokomotivlarni o‘zgaruvchan tokda ishlaydigan elektr lokomotivlarga almashtirishdan iboratdir. Bu Toshkent hududidagi barcha temir yo‘l liniyalarini elektr lokomotivlarga o‘tkazish ishlarining yakuni hisoblanadi. Endilikda mazkur liniya bo‘ylab dizel lokomotivlar o‘rniga zamonaviy elektrovozlar chiqadi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi shu maqsadda 13 eng yangi tezyurar poyezd – ekspress sotib oldi.

Loyihani amalga oshirishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat- aksiyadorlik kompaniyasining elektr ta’minot markazi, Toshkent elektr ta’minot distansiyasi, signalizatsiya va aloqa markazi, yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi, Toshkent yo‘l distansiyasi kabi bo‘linmalari katta hissa qo‘shdi. Uchastka bo‘ylab eng yangi texnologiyalar – SKADA masofadan turib boshqarish, aloqa tarmoqlari, tortish kichik stansiyalari, mikroprotsessorli markazlashtirish, elektron hisoblash va telekommunikatsiyalar tizimlari joriy etildi. Elektr ta’minot tizimi soatiga 160 kilometr tezlik bilan yuradigan poyezdlar harakati hisobga olingan holda barpo etildi.

Qurilish davomida umumiy uzunligi 265 metrlik uchta ko‘prik, poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlaydigan, zamonaviy uskunalar va nazorat apparaturasi bilan jihozlangan kichik elektr stansiyalar, navbatchi punktlar hamda markazlashtirilgan elektr postlari uchun 2258 elektr tirkagich, 6 bino va inshoot barpo etildi. Barcha qurilish-montaj ishlari belgilangan muddatda to‘liq yakunlandi.

Natijada Toshkent hududiy temir yo‘l uzelining 114 kilometr uzunlikdagi qolgan yagona uchastkasi ham elektrlashtirildi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi ekspluatatsiya xarajatlarini 1,8 baravar kamaytirish, hududda ekologik ahvolni yaxshilash va qo‘shimcha 50 ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Yangi elektrlashtirilgan uchastka yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, yuk va yo‘lovchilarni tashish vaqtini qisqartirish, kompaniyada dizel yoqilg‘isi sarfini kamaytirishga yordam beradi.

…Poyezd “Angren” stansiyasiga yetib keldi. Bu yerda hozir bo‘lganlar mehmonlarni karnay-surnay sadolari, gullar bilan kutib oldi. Stansiya rekonstruksiya qilingandan so‘ng butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Bu yerda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Mehmonlar stansiyani ko‘zdan kechirgach, tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi O.Ramatov kompaniya erishayotgan yutuqlar Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimiz temir yo‘l transport tizimini rivojlantirishga qaratayotgan doimiy e’tibori samarasi ekanligini alohida ta’kidladi. Istiqlol yillarida kompaniya jadal rivojlandi. Yangi temir yo‘l liniyalarini qurish, yo‘l uchastkalirini elektrlashtirish, harakat tarkibini modernizatsiya qilish, tezkor transport telekommunikatsiyalarini tashkil etish kompaniyaning kelgusidagi faoliyatida ham ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qoladi.

Prezidentimizning farmoniga muvofiq 1994 yilda tashkil etilgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi mamlakatimizning asosiy transport bo‘g‘ini sifatida iqtisodiyotimizni yagona tizimga birlashtirish yo‘lida xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz temir yo‘llari tarmog‘ining umumiy uzunligi 6020 kilometrdan oshadi, jumladan, umumfoydalaniladigan yo‘llar uzunligi 4230 kilometrni tashkil qiladi. Yuk va yo‘lovchi tashish hajmi yil sayin ortib borayotir va bu mamlakatimiz temir yo‘l tarmog‘ini kompleks rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda temir yo‘l kompaniyasi yuk va yo‘lovchi tashish vagonlari va lokomotivlarni ta’mirlash bo‘yicha zamonaviy bazaga, keng tarmoqli infratuzilmaga ega. Xalqaro moliya institutlarining temir yo‘l tarmog‘i faoliyatini yanada takomillashtirishga yo‘naltirayotgan mablag‘larini jalb qilgan holda bosqichma-bosqich yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha ham bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Tantanali marosimda qurilish, jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, soha faxriylari so‘zga chiqib, barchani ushbu muhim voqea munosabati bilan tabrikladi.

O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokida konsert namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Xo‘jayev ishtirok etdi.

So‘nggi yangiliklar:

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

San’atsevar bolalar

Ahmadjon – Meyrini, Fazliddin Vaydani yengdi

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama