![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Maqsadli sarmoya – iqtisodiyot tayanchiO‘zA, Sayyora Shoyeva, 28.07.2010 12:49 Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida izchillik bilan amalga oshirilayotgan Inqirozga qarshi choralar dasturida chekka hududlarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni yanada oshirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish hisobiga aholi bandligini va turmush darajasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar va beg‘araz texnik ko‘maklar jalb etilib, 9 loyiha doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu loyihalarning eng yiriklaridan biri – Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 5 yildan buyon amalga oshirilayotgan “Amu-Zang mashina kanali tizimini tiklash” loyihasidir. Uni amalga oshirishda davlatimiz rahbarining 2005 yil 16 mayda qabul qilingan “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Amu-Zang mashina kanali tizimini tiklash” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘layotir. - Umumiy qiymati 112,6 million AQSH dollariga teng mazkur loyiha Surxondaryo viloyatidagi Angor, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Muzrabod va Termiz tumanlarining 100 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarida amalga oshirilmoqda, – deydi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining xorijiy investitsiyalarni jalb etish va loyihalar monitoringi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Buzrukxon Jumaboyev. – Loyiha Amu-Zang mashina kanali tizimi hududidagi qishloq xo‘jalik ekinlarini suv bilan kafolatli va samarali ta’minlash, fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohaga zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini tatbiq etish hamda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Surxondaryo viloyatida ekinlarni sug‘orish uchun zarur suvning 30 foizi Amudaryodan nasos stansiyalari orqali olinadi. Daryo suvida turli xil mineral jinslarning ko‘pligi nasos mexanizmlarining tez yemirilishiga sabab bo‘ladi. Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida daryo o‘zani bo‘yida uzunligi 1,7 kilometrlik tindirgich qurildi. Bu nasos stansiyalari mexanizmlarining uzoq vaqt benuqson ishlashiga xizmat qiladi. Viloyat miqyosidagi suv yetkazib beruvchi tizimlar faoliyatini yaxshilash maqsadida tatbiq etilayotgan loyiha doirasida Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi 19 ming gektar maydonga suv yetkazib beruvchi Bobotog‘ nasos stansiyasida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda. Suv uzilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun asosiy nasos va drenaj nasos agregatlari, elektr xo‘jalik qismlari peshma-pesh yangilanmoqda. – Bobotog‘ nasos stansiyasidagi texnika nisbatan eskirib qolgan edi, – deydi “Amu-Zang mashina kanali tizimini tiklash” loyihasini amalga oshirish guruhi rahbari Safar To‘raqulov. – Endi zamonaviy, mustahkam, kam elektr energiya sarflaydigan agregatlar o‘rnatildi. Natijada samaradorlik sezilarli darajada oshdi. Shuningdek, loyiha doirasida Amu-Zang kanali, Oqtepa suv ombori, Zang, Bobotog‘ magistral kanallari va xo‘jaliklararo kollektorlarni tiklash, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Suv resurslarini boshqarish va ish unumdorligini takomillashtirish maqsadida Termiz tumanidagi “Surxonnasosta’mir” korxonasida rekonstruksiya ishlari bajarilib, zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatildi. Endi korxona viloyat suv xo‘jaligi tizimidagi barcha korxonalarning nasos agregatlarini tez va sifatli ta’mirlab bermoqda. Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tumanlarda agroservis markazlari tashkil qilish bo‘yicha ajratilgan kreditlar hisobidan hozir 10 dona kombayn, qariyb 80 traktor va 100 ga yaqin yordamchi qishloq xo‘jalik texnikasi xarid qilindi. Shuningdek, Angor, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Muzrabod, Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi bir qator suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining ichki gidromelioratsiya tarmoqlarini tiklash-ta’mirlash hamda qurish ishlari bajarildi. – 200 gektar maydonda dehqonchilik qilamiz, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanidagi “O‘rikzor” fermer xo‘jaligi rahbari Mamarayim Farmonov. – Ilgari suv yetishmasligi tufayli g‘alla maydonimizdan 10-15 sentnerdan hosil olar edik. Bu yil ekinlarni sug‘orishdagi muammolar hal etilgani bois, hosildorlik qariyb 50 sentnerga yetdi.2005-2012 yillarga mo‘ljallangan mazkur loyihada belgilangan tadbirlar yakuniga yetgach, suv xo‘jaligi tizimida ekspluatatsiya xarajatlari sezilarli darajada kamayadi. Shuningdek, 400 mingdan ortiq aholi yashayotgan hududlarni hamda 100 ming gektar ekin maydonini suv bilan ta’minlash, yer sohiblarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, daromadlarini oshirish imkoniyati yaratiladi. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |