![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Iste’molchi manfaatlari doimiy muhofazadaO‘zA, Norgul Abduraimova, 28.07.2010 12:06 Yurtimizda iste’molchi huquq va manfaatlarini muhofazalashga qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlarda ish va xizmatlar sifati tobora yaxshilanmoqda. Zero, mijozning ta’biga qarab ishlayotgan tadbirkorning mehnatida unum, topganida baraka bo‘ladi. Ammo isbot talab qilmaydigan bu oddiy haqiqat, azaliy qadriyatdan ko‘z yumib, faqat foyda ketidan quvayotgan, iste’molchiga aziyat yetkazayotgan tadbirkorlar ham yo‘q emas. Bunday holatlarda faoliyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan davlat va jamoat tashkilotlari fuqarolarga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ulardan biridir. Federatsiya bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni asosida faoliyat ko‘rsatayotir. Chunki ushbu qonunda iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olish va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoyasi kafolatlangan. – Joriy yilning birinchi yarmi davomida tashkilotimizga iste’molchilardan to‘rt mingga yaqin ariza tushdi, – deydi O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Akrom Mirazizov. – Murojaatlarning aksariyati savdo, kommunal xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, aloqa va transport sohalariga oid. Ko‘rilgan zarur chora-tadbirlar tufayli ularning 96 foizga yaqini ijobiy hal etildi. Natijada iste’molchilar ko‘rgan 300 million so‘mga yaqin moddiy zarar qoplandi. Jumladan, poytaxtimizning Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi M.Kamolova “999” dorixonasida to‘lovni plastik kartochka orqali amalga oshirgan. Ammo olgan dori-darmonlarini keyin hisob-kitob qilib ko‘rganida, dorixona xodimi 26 ming 800 so‘m ortiqcha mablag‘ olib qolgani aniqlandi. Bu haqda u Toshkent shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasiga murojaat qildi. Birlashmaning aralashuvi bilan iste’molchidan olingan ortiqcha mablag‘ egasiga qaytarildi. Iste’molchi plastik kartochkadagi mablag‘ini sarflar ekan, sotuvchi qo‘liga tutqazgan to‘lov qog‘oziga befarq qaramasligi lozim. Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob tizimi tobora takomillashayotgan bugungi kunda iste’molchilar “elektron hamyon”dan to‘g‘ri va unumli foydalanishni bilishi darkor. Shunday ekan, ularning bu boradagi huquqiy madaniyatini oshirish dolzarb ahamiyatga ega. Buni hisobga olib, mazkur federatsiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari bilan hamkorlikda ushbu maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Joylarda terminallarning o‘rnatilishi va uzluksiz ishlatilishi yuzasidan monitoringlar olib borilayotir. Aniqlanayotgan kamchiliklarni mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda hal etish choralari ko‘rilmoqda. Iste’molchilar eng ko‘p murojaat qiladigan va ayni paytda ayrim muammolarga duch keladigan sohalar – savdo va xizmat ko‘rsatishdir. Uchtepalik SH.Aliyevaning 1 million 250 ming so‘mga sotib olgan muzlatgichi sal o‘tmay ishlamay qolgani, Sobir Rahimov tumanida istiqomat qiluvchi G.Usmonovaning 630 ming so‘mga sotib olgan mobil telefon apparati sifatsizligi aniqlanganiga o‘xshash holatlar tez-tez uchrab turadi. Mazkur holatlarda iste’molchilarning tegishli tashkilotlarga o‘z vaqtida qilgan murojaatlaridan keyin muzlatgich yangisiga almashtirildi, telefon apparatining puli mijozga qaytarildi. Iste’molchi R.Novikova Chilonzor tumani 20-mavzeda joylashgan Stomatologiya klinikasida tishlarini davolatdi. Ammo ancha vaqt va mablag‘ sarflaganiga qaramay, tishlaridagi muammolar kamaymadi. O‘ziga sifatsiz xizmat ko‘rsatilganini anglagan iste’molchi o‘z huquqini himoya qilishni so‘rab, Toshkent shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasiga murojaat qildi. Ariza yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida iste’molchining talabi haqli ekani o‘z isbotini topdi va klinika uning 80 ming so‘mini qaytarib berdi. Quvurlarning nosozligi tufayli shayxontohurlik SH.Yo‘ldoshevaning xonadoniga suv toshib ketgan va mol-mulkiga jiddiy zarar yetgan. Bu holatda ham hududiy birlashma aralashuvi bilan uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan quvurlar yangisiga almashtirildi va iste’molchiga yetkazilgan 220,5 ming so‘mlik zarar qoplandi. Shuningdek, shu tumanda yashovchi iste’molchi D.Shermuhamedovadan tuman gaz ta’minoti korxonasi foydalanilmagan gaz uchun 490 ming so‘m talab qilgan. Mazkur holat ham jiddiy o‘rganildi. Iste’molchining gaz hisoblagichi “O‘zstandart” agentligi ko‘rigidan o‘tkazilganida ijobiy xulosa olindi. Iste’molchiga noqonuniy hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi. Bularning barchasi aholining iste’mol madaniyati tobora yuksalayotgani samarasidir. Bunda iste’molchilar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlarning aholi o‘rtasida keng qamrovli tushuntirish tadbirlari o‘tkazayotgani, ommaviy axborot vositalari orqali qonunchilikning keng targ‘ib etilayotgani alohida ahamiyat kasb etayotir. O‘tgan davrda federatsiya tomonidan olti mingga yaqin shunday tadbirlar tashkil etildi. Tizimda qonunlar targ‘iboti bilan bir qatorda ularning ijrosi yuzasidan doimiy monitoring o‘tkazilmoqda. Federatsiyaning hududiy birlashmalari hamda bir qator tuman jamiyatlari huzurida tashkil etilgan “Maslahat markazi” faoliyati ham ayni shu maqsadga qaratilgan. Iste’molchilar manfaatini muhofazalashga qaratilgan qonunlar ijrosini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari ham o‘z samarasini bermoqda. Chunki shu yo‘l bilan aniqlanayotgan ayrim kamchiliklar bartaraf etilmoqda. “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ijro etilishi nazorat-tahlil tartibida o‘rganilganda, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “To‘ytepa-non” ishlab chiqarish korxonasida muddati o‘tgan osh tuzidan foydalanayotganliklari aniqlandi. Ushbu holat bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinib, kamchilik bartaraf etildi. Bundan tashqari, ichki bozordagi asosiy iste’mol tovarlarining chakana va ulgurji narx-navosi shakllanishini o‘rganish yuzasidan hamda elektr quvvati, ichimlik suvi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni aniqlash maqsadida joylarda doimiy o‘rganishlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Iste’molchi huquq va manfaatini muhofazalashga qaratilayotgan bunday chora-tadbirlar xalqimiz farovonligi va yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotir. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |