Iqtisodiyot

Italiya delegatsiyasi - O‘zbekistonda

O‘zA, 18.06.2010 16:13

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Italiyaning 13 provinsiyasi uyushmasi raisi, Sirakuza provinsiyasi ma’muriyati rahbari Nikola Bono boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 18 iyun kuni qator vazirlik va idoralarda muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov bilan uchrashuvda O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi munosabatlar savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikda ish yuritish uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, zarur sharoit va imtiyozlar, izchil davom etayotgan xususiylashtirish jarayoni ko‘plab davlatlar qatori Italiya ishbilarmonlarining ham yurtimiz bilan hamkorlikka e’tiborini kuchaytirayotgani qayd etildi.

O‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida ikki mamlakatning ham imkoniyatlari katta. Iqtisodiy sohada eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Yurtimizda italiyalik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan “Agrixim”, “Sekko-Alessandre”, “Roison-Candy” kabi qator korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlik ijtimoiy sohada ham jadal rivojlanmoqda. Toshkentda tashkil qilingan Italiya texnologiyalari haftaligi, mashhur kompozitor Jakomo Puchchini tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro opera san’ati festivali, Rim va Milanda o‘tkazilgan O‘zbekiston iqtisodiy salohiyati va Kazertada tashkil etilgan O‘zbekiston sayyohlik salohiyatining taqdimotlari, Sirakuzada o‘tgan O‘zbekiston kunlari shular jumlasidandir. Ikki mamlakatning oliy o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqot muassasalari o‘rtasida yaqin aloqa yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonlik va italiyalik olimlar, tadqiqotchilar quyosh fizikasi sohasidan arxeologik qazishmalargacha bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlarda izlanishlar olib bormoqda.

– O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasida ko‘plab sohalarda aloqalarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud, – dedi Nikola Bono. – Bir necha hafta avval Italiyaning Sirakuza shahrida O‘zbekiston kunlari o‘tkazildi. Unda italiyaliklar yurtingizning sarmoya va sayyohlik borasidagi salohiyati, urf-odat va an’analari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni, madaniyat va sayyohlik sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz.

Muzokarada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarning bugungi ahvoli va istiqboli, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, sayyohlik kompaniyalari, madaniyat va san’at muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama