Iqtisodiyot

Intilish va izlanish samarasi

O‘zA, 13.03.2010 10:42

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor xususiy sektor subyektlarining zamon talablari asosida faoliyat yuritishida keng imkoniyatlar ochmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi ham ushbu maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lib, ishbilarmon mulkdorlar safi kengayishida muhim omil bo‘lmoqda.

Jizzax shahrida “Tashabbus-2010” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar va tuman bosqichlarida saralangan eng yaxshi tadbirkor, fermer va hunarmandlar ishtirok etdi.

Tanlov doirasida tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ko‘rgazmada, ayniqsa, “Zamonaviy polimer quvur” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

– Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan suv, tabiiy gaz tarmoqlariga, kanalizatsiyaga mo‘ljallangan polietilen quvurlar, issiqxonalarga ishlatiladigan plyonkalar hamda ro‘zg‘orbop xaltachalar yuqori sifati bilan ajralib turadi, – deydi “Zamonaviy polimer quvur” mas’uliyati cheklangan jamiyati menejeri Ozod Saydiyev. – Korxonamiz zamonaviy uskunalar va malakali ishchi-mutaxassislar bilan ta’minlangan.

Do‘stlik tumanidagi ishbilarmon Do‘stmamat Qodirqulov rahbarlik qilayotgan “Usta Safar ota” fermer xo‘jaligi dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Xo‘jalik so‘nggi yillarda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishida shoxobchalar tashkil etib, aholiga qulayliklar yaratish borasida ham qator ishlar olib bormoqda. Ko‘rgazmada xo‘jalik qoshidagi kichik korxonada ishlab chiqarilgan, chiroyli qadoqlangan xaridorgir sut mahsulotlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Tanlov yakunida “Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishida Jizzax shahridagi “Zamonaviy polimer quvur” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘ayrat Saydiyev, “Eng yaxshi fermer” yo‘nalishida Do‘stlik tumanidagi “Usta Safar ota” fermer xo‘jaligi rahbari D.Qodirqulov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Jizzaxlik Fayzulla Jo‘rabekov “Eng yaxshi hunarmand” deb topildi.

G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama