Iqtisodiyot

Faollik va izlanuvchanlik rag‘bati

O‘zA, Nazokat Usmonova, 12.03.2010 18:55

Prezidentimiz Islom Karimov sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi ilg‘or, izlanuvchan tadbirkorlarni aniqlash, rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur tanlovning Toshkent shahar bosqichida joriy yildagi g‘oliblar aniqlandi.

Mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar iqtisodiyotimizni bosqichma-bosqich, izchil isloh etish va tadrijiy rivojlantirish imkonini bermoqda. Ayni paytda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari va korxonalariga yordam ko‘rsatish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlarini barpo etish, xalqimizning real daromadlari va farovonligini muttasil oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Mazkur ko‘rik-tanlovning Toshkent shahar bosqichida yigirma nafardan ortiq tadbirkor va hunarmand o‘zining mebel, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish, lok-bo‘yoq, mashinasozlik, elektrotexnikaga oid mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahalliy xomashyodan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, korxonalarni texnik va texnologik modernizatsiyalash, qayta jihozlash yo‘nalishidagi izchil sa’y-harakatlar “Rezalit” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyatida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Mazkur korxonada mahalliy xomashyo asosida katta assortimentdagi lok-bo‘yoq ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan. Tayyorlanayotgan mahsulotlarning turi va hajmi kengayib, ularning safiga qurilish-ta’mirlash ishlarida qo‘llaniluvchi yelimlar, suvoqchilik materiallari va boshqa bo‘yash vositalari ham qo‘shilmoqda. Korxona mahsulotlari pishiqligi, ekologik xavfsizligi, atrof-muhit ta’siri – ultrabinafsha nurlari, namlik, yog‘ingarchiliklarga nisbatan chidamliligi bilan ajralib turadi.

Tanlovning Toshkent shahar bosqichida mazkur korxona rahbari Avazbek Karimov “Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishida birinchi o‘ringa loyiq topildi.

“Eng yaxshi hunarmand” yo‘nalishida esa yog‘och o‘ymakorligi ustasi Kamoliddin Rahimov birinchi o‘rinni egalladi. Hunarmand tomonidan tayyorlangan kursi, lavh, quti kabi mahsulotlar nafisligi, puxtaligi va bejirimligi, milliy o‘ymakorlik an’analarini o‘zida mujassam etgani bilan yuqori baholandi.

G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama