![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Rag‘bat izlanishga undaydiO‘zA, A.Ortiqboyev, 12.03.2010 18:09
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus-2010” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi yakunlandi. Unda tanlovning quyi bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 46 tadbirkor, fermer va hunarmandlar ishtirok etdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, sohada erishilayotgan yutuqlar va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, tashabbuskor, izlanuvchan ishbilarmonlarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu an’anaviy tanlovning nufuzi yildan-yilga oshib bormoqda. – Bu yilgi tanlov import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarayotgan tadbirkorlarimiz safi kengayib borayotganini ko‘rsatdi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jamurat Qaypnazarov. – Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 1107 nafar tadbirkor, fermer va hunarmandlar qatnashdi. Tanlov doirasida ishtirokchilar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar va xizmatlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rin Nukus shahridagi “O‘tarboyev Azatboy” xususiy korxonasi rahbari Azatboy O‘tarboyevga berildi. Mahalliy xomashyodan 13 turdagi qoraqalpoq milliy musiqa asboblari tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan va besh kishini doimiy ish bilan ta’minlagan hunarmandning faoliyati yuqori baholandi. – Bu hunar bilan o‘ttiz yildan buyon shug‘ullanaman, – deydi Azatboy. – Musiqa asboblari yasash sirlarini otamdan o‘rgandim. Xalq cholg‘u asboblarini qamish, yog‘och, temir va soz tuproqdan yasaymiz. Hozirgacha qirqdan ziyod shogirdlar tayyorladim. Tanlovda “Eng yaxshi fermer” yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblik Nukus tumanidagi “Dami-ota” fermer xo‘jaligi rahbari O‘rozboy To‘lepovga nasib etdi. Chorvachilikka ixtisoslashgan mazkur fermer xo‘jaligida 120 bosh qoramol parvarish qilinmoqda. O‘tgan yili iste’molchilarga 28 tonna sut va besh tonna go‘sht yetkazib berildi. Xo‘jalik tasarrufidagi 127 gektar ekin maydonining yigirma gektarida 80 tonna g‘alla, yana yigirma gektarida 300 tonnadan ortiq poliz-sabzavot mahsulotlari yetishtirildi. Fermer xo‘jaligida issiqxona, servis xizmati ko‘rsatish shoxobchasi ochildi. 2009 yilni 20 million sof foyda bilan yakunlagan xo‘jalikda bugungi kunda 25 kishi mehnat qilmoqda. Tanlovning “Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishi bo‘yicha Nukus shahridagi “Inter-Farm” korxonasi rahbari Aleksandr Galimov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ushbu korxonada ofis, uy-joy va tibbiyot muassasalari uchun zamonaviy mebellar ishlab chiqarilmoqda. Tanlov g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |