Iqtisodiyot

Investitsiya – taraqqiyot omili

O‘zA, Sayyora Shoyeva, 12.03.2010 17:29

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ko‘plab mamlakatlarda yirik firma va kompaniyalar, korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib ishsizlar sonining ortishiga sabab bo‘ldi. Ana shunday murakkab sharoitda yurtimizda investitsiya dasturi hamda texnik modernizatsiyalash borasidagi loyihalarning izchil amalga oshirilayotgani raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilayotir.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 12 martda qabul qilingan “2009-2014 yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha eng muhim loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarori iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, tijorat banklarining investitsion faoliyatini yanada kuchaytirish orqali ularning ushbu jarayonda faol ishtirok etishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mustahkam va barqaror bank tizimi mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga katta hissa qo‘shayotir. Moliya institutlarning kapitallashuv darajasi oshib, iqtisodiyot real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, texnik va texnologik yangilash jarayonlari faollashmoqda.

“O‘zsanoatqurilishbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki mavjud mablag‘larini iqtisodiyotning real sektorini imtiyozli kreditlashga yo‘naltirmoqda. Jumladan, neft va gaz, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik, qurilish, oziq-ovqat va boshqa sohalardagi istiqbolli loyihalarning qo‘llab-quvvatlanishi natijasida aholi zich joylashgan hududlarda qariyb 4 ming 200 yangi ish o‘rni yaratildi. “O‘zkimyosanoat” va “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyalarining 53,3 milliard so‘mlik uch loyihasi shular sirasidandir.

O‘tgan yili bankda bankrot korxonalarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, ularni texnik va texnologik qayta jihozlash ishlarini takomillashtirish, shuningdek, loyihaviy investitsiyalash hamda investitsion kreditlar berishning kompleks chora-tadbirlari ishlab chiqildi. 2009 yil davomida 6 bankrot korxona “O‘zsanoatqurilishbank” balansiga qabul qilinib, ikkitasida ishlab chiqarish to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Ulardan biri “Hazorasp gilami” ma’suliyati cheklangan jamiyatidir.

– Mazkur korxona besh yil ilgari moliyaviy quvvati susaygani bois o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank”ning Xorazm mintaqaviy filiali boshqaruvchisi Otabek Ollabergenov. – Bank tomonidan ajratilgan 1 milliard 148 million so‘m miqdoridagi investitsiya hisobidan ishlab chiqarish liniyalari hamda bino-inshootlar kapital ta’mirlandi. Texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlandi. Bu jarayonda ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi ham o‘zgartirildi. Korxona “Hazorasp bakery” deya qayta nomlanib, tom yopish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi.

Hozir bu yerda yiliga 233 ming dona shifer, 345 ming kvadrat metr metall cherepitsa va profnastil mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. 48 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar, xususan, ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan ishlar o‘z samarasini berayotir. Tijorat banklarining past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish jarayoniga jalb etilayotgani samarasida erishilayotgan yutuqlar buning yorqin dalilidir.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama