Iqtisodiyot

G‘oliblar mamlakat bosqichida

O‘zA, A.Muhammadiyev, 11.03.2010 20:05

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan an’anaviy «Tashabbus-2010» ko‘rik-tanlovining Qashqadaryo viloyati bosqichi yakunlandi. Unda ellik nafar tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi.

Ushbu tanlovda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish hisobiga raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarayotgan, katta hajmda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan xususiy tadbirkorlik subyektlarining ishtiroki tobora faollashayotir.

Navbatdagi tanlovda «Eng yaxshi tadbirkor» yo‘nalishi bo‘yicha Yakkabog‘ tumanidagi «Turon-Bunyodkor-Qurilish» injiniring kompaniyasi rahbari Erkin To‘xtayev viloyat bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Korxonaning qurilish materiallari ishlab chiqarish, zamonaviy texnika va mexanizmlardan samarali foydalanish hamda ta’lim muassasalari qurilishidagi yutuqlari hakamlar tomonidan yuqori baholandi.

«Eng yaxshi fermer» yo‘nalishi bo‘yicha Koson tumanidagi «Shoymardon bobo» fermer xo‘jaligi rahbari Qosim Shoymardonov, «Eng yaxshi hunarmand» yo‘nalishida milliy uslubda gilam to‘qish bilan shug‘ullanib kelayotgan chiroqchilik Saltanat Qo‘ldosheva respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

- Xo‘jaligimiz paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik va chorva mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi «Shoymardon bobo» fermer xo‘jaligi rahbari Q.Shoymardonov. – 94,5 gektar maydonda dehqonchilik qilamiz. Yuz bosh qoramol, 200 boshdan ortiq qo‘y va shuncha parranda parvarishlayapmiz. O‘tgan yili paxtadan 274,5 tonna, g‘alladan 161 tonna hosil oldik. Iste’molchilarga 12 tonna go‘sht, 87,6 tonna sut yetkazib berdik. 3,8 gektar bog‘da 6,3 tonna meva yetishtirdik. Xo‘jaligimizda 45 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.

Tanlovda maxsus nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama