![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Innovatsiyalar yarmarkasi: samara va istiqbolO‘zA, A.Ivanova, 03.03.2010 22:05
«O‘zekspomarkaz»da uch kun davom etgan III Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida umumiy qiymati 3,2 milliard so‘mdan ortiq qariyb 130 shartnoma imzolandi. Yarmarka Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida tashkil etildi. Unda vazirliklar, idoralar, uyushmalar, banklar, iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi davlat va xususiy korxonalar, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-texnologik markazlar, tajriba-konstruktorlik tashkilotlari, shuningdek, ixtirochilar ishtirok etdi. Mamlakatimizda uchinchi marotaba o‘tkazilgan innovatsiyalar yarmarkasi ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, olimlar tomonidan yaratilayotgan yangiliklarni o‘zlashtirish hisobidan milliy iqtisodiyot salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Ilmiy va innovatsion faoliyat natijalarini joriy etishning bunday mexanizmi yuqori samaraga ega. Yarmarkada sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ilm-fan va ta’lim sohalari uchun 600 dan ortiq istiqbolli innovatsiya loyihalari, ishlanmalar, yuqori texnologik uskunalar namunalari namoyish etildi. Davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratilayotgani samarasida uning imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Bu ushbu sohaga iqtidorli yoshlarning faol jalb qilinayotgani, yoshlarning professional o‘sishi, bilim olishi, qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitning yaratilayotgani natijasidir. Mamlakatimizda Barkamol avlod yili, deb e’lon qilingan 2010 yilda bunday samarali ishlar yanada faollashdi. Yarmarkada taqdim etilgan ishlarning aksariyatini yaratishda yosh olimlar, oliy o‘quv yurtlari talabalarining ishtirok etgani ham buning yorqin dalilidir. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2009 yil dekabrda tashkil etilgan Yosh olimlar kengashi tomonidan tashkil qilingan bo‘lim yaramarka ishtirokchilari bilan ayniqsa gavjum bo‘ldi. Mutaxassislarning fikricha, akademik institutlarning yosh xodimlari ishlab chiqqan yangiliklarni joriy etish katta iqtisodiy samara berish bilan bir qatorda, ishlab chiqarishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish imkonini beradi.
Masalan, Umumiy va noorganik kimyo institutining yosh olimlari neft va gaz kondensatini qayta ishlashga tayyorlash uchun ularni suv hamda tuzdan tozalashda yordam beradigan deemulgatorni olishning noyob texnologiyasini yaratdi. Texnologiya «Muborakneftgaz» unitar sho‘ba korxonasida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi va uni joriy etish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi quyosh energiyasidan foydalanish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Shu sababli Materialshunoslik instituti va «Fizika-Quyosh» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasiga qarashli Fizika-texnika instituti yosh xodimlarining ishlanmalari yarmarkaga tashrif buyurgan fermerlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ob-havo sharoitiga qarab, ham elektr, ham issiqlik energiyasini olish imkonini beradigan 5 kVTgacha quvvatga ega qurama quyosh energiya moslamasi, kuniga 100 litrgacha toza ichimlik suvini ishlab chiqaradigan suv tozalash qurilmasi shular jumlasidandir. Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining genom texnologiyalari markazida «O‘zstandart» agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan oziq-ovqat mahsulotlarida modifikatsiya qilingan gen organizmlarini aniqlash bo‘yicha yangi laboratoriya tashkil etildi. Laboratoriya markaz yoshlari tomonidan yaratilgan noyob texnologiya asosida faoliyat ko‘rsatmoqda va mamlakatimizdagi turli idoralarining buyurtmalarini bajarmoqda. – Yarmarkada ishtirok etish iqtisodiyot real sektori tarmoqlari vakillari bilan ko‘plab yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkonini berdi, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yosh olimlar kengashi raisi Saydulla G‘ulomov. – Bu esa, o‘z navbatida, ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning innovatsion faoliyatini kengaytirishga yordam beradi. Yurtboshimizning yoshlarga ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rligiga biz, yoshlar munosib javob berishimiz lozim. Bu mas’uliyat bizni mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shishga undaydi. O‘zbekistonlik olim va mutaxassislar tomonidan yaratilgan haqiqiy noyob texnologiyalar neft-gaz, kimyo, paxta tozalash, yengil va qayta ishlash sanoati, energetika, resurs tejash, qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy soha kabi ko‘plab tarmoqlarda, yarmarkada imzolangan shartnomalar asosida qo‘llanishi, shubhasiz. Yarmarkada Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi «Oltin buloq» fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Qozoqov umumiy qiymati 15 million so‘mlik ikkita shartnoma tuzdi. Ushbu shartnomalarga muvofiq Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutining «Baykal» ilmiy-tadqiqot markazi va Farg‘onadagi «Sayqal» korxonasi yaqin vaqt ichida xo‘jalikka hosildorlikni sezilarli darajada oshiradigan ikki xil yangi o‘g‘it yetkazib beradi. – Neft va gaz quduqlariga servis xizmat ko‘rsatadigan korxonamiz endi gidroqum purkash pereforatsiyasi bo‘yicha yangi uskunaga ega bo‘ladi, – deydi «Andijonneftgazquduqta’mirlash» korxonasi katta ustasi Jamoliddin Jamolov. – Bu uskuna eng yaxshi texnik xususiyatlarga ega bo‘lib, xorijda ishlab chiqarilayotganidan ancha arzon. Yarmarkada ishtirok etish men uchun ham nihoyatda foydali bo‘ldi. Dehqon xo‘jaligim uchun kerakli bo‘lgan suv chiqaradigan motorsiz nasos sotib olish to‘g‘risida shartnoma tuzdim. Qoraqalpog‘iston davlat universiteti mutaxassislari suv taqchil sharoitda qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy etish uchun umumiy qiymati qariyb 40 million so‘mlik bir nechta shartnoma imzoladi. Mazkur oliy o‘quv yurti professori Bisenboy Mambetnazarovning fikricha, ilmiy-ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirishning bunday shakli iste’molchilar bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yishni, innovatsiya faoliyatining samaradorligini ta’minlaydi. Yarmarka qatnashchilari ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida yanada keng va samarali hamkorlik o‘rnatish istiqbollarini ham muhokama etdi. Ular uchun «Intellektual mulk va texnologiyalar transferini boshqarish» hamda «Innovatsion faoliyat va mamlakat intellektual boyligining rivojlanishdagi muhim o‘rni» mavzuida amaliy seminarlar tashkil etildi, respublika va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan «Innovatsion biznesda axborot texnologiyalari» deb nomlangan videokonferensiyada ishtirok etdi. Yarmarkaning so‘nggi kunida «O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish: muammolar va istiqbol» mavzuida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishga oid tavsiyalar ishlab chiqildi. Yarmarkada namoyish etilgan, eng muhim sohalarni o‘z ichiga olgan 14 yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi loyihalar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. III Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi olimlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro manfaatli amaliy kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashda navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi. An’anaga aylangan bunday yarmarkalarni o‘tkazish, ularda mamlakatimiz olim va mutaxassislari tomonidan yaratilgan eng istiqbolli yangiliklarni joriy etish to‘g‘risida shartnomalar tuzish va ularni amalga oshirish innovatsion mexanizmi sinovdan o‘tkazildi va bu o‘zining salmoqli natijalarini bermoqda. Mazkur mexanizm barqaror iqtisodiy o‘sish va xalqimiz farovonligini muttasil oshirish, muxtasar aytganda, mamlakatimiz qo‘lga kiritayotgan yorqin va ishonchli yutuqlarning muhim omillaridan biriga aylandi. Yarmarkaning yopilish va eng yaxshi loyihalar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Oripov so‘zga chiqdi. So‘nggi yangiliklar: To‘kinlik, farovonlik va baraka omili Xolisona tahlil va tanqid ruhida |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |