![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Qonun ijrosiga bag‘ishlandiO‘zA, Sayyora Shoyeva, 08.02.2010 18:09 Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirishda yerlarning meliorativ holati va unumdorlik darajasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mamlakatimizda tuproq sifatini asrash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda «Qishloq va suv xo‘jaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi kabi qonunlar va ayrim kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Poytaxtimizda mazkur qonun ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Suv resurslarining tanqisligi ortib borayotganligi undan oqilona foydalanish, boshqarish va muhofaza qilish masalalarini muvofiqlashtirishni taqozo etadi. Shu bois «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning bir necha moddalariga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, 21-moddada yer osti suvlari, yer usti suvlari, melioratsiya obyektlari, suv iste’moli, suv iste’molchilari uyushmasi, suv iste’molchisi, suv obyektlarini muhofaza qilish, transchegaraviy suv obyektlari va transchegaraviy suvlar kabi yangi tushunchalar o‘z aksini topgan. Bu esa qonunni mazmunan to‘ldirish va uni qo‘llash mexanizmini yanada takomillashtirishda qo‘l keladi. Shuningdek, 11-moddada kollektor-drenaj tarmoqlarining normal ishlashini ta’minlash va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida suvdan oqilona foydalanish, kollektor-drenaj suvlari va oqindi suvlarni chiqarib yuborishning qulay rejimi ta’minlanishi lozimligi haqidagi jumla bilan to‘ldirildi. «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasida suvlarning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari qishloq va suv xo‘jaligi, sanitariya nazorati, tabiatni muhofaza qilish, geologiya va mineral resurslar organlari hamda boshqa organlar bilan kelishilishi lozimligi, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi borasidagi qoidalar aks ettirildi. Mutaxassislarning fikricha, «Qishloq va suv xo‘jaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunning kuchga kirishi agrar sohaga oid islohotlarning yanada chuqurlashuviga hamda bu boradagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning huquqiy tartibga solinishiga xizmat qiladi. Yig‘ilishda yangi qonun kuchga kirishi munosabati bilan amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. So‘nggi yangiliklar: |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |