
Mahkumlar qismati
Mahkumlar qismati, ta’bir joiz bo‘lsa, eng achchiq qismat. Chunki bu qora panjaralar ortida tiriklik uchun eng muhim narsa – ozodlik yo‘q. Erksiz, yaqinlarsiz yashashga mahkumlik, adoqsiz sog‘inch iztirobi hukmron manzil bu.
Sodir etilgan turli jinoyatlar oqibatida hayoti o‘zgarib ketgan turfa qismatli odamlarning pushaymonlik so‘zlari boshqalarga saboq bo‘lsa ajab emas.
Zero, dono xalqimiz birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil, degan purma’no hikmatni bejiz aytmagan.
Bundan ko‘zlangan maqsad insonni noshukr bo‘lmaslikka, xatolarni ko‘rganda undan saboq chiqarishga da’vat bor.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi - O‘zAning Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan “Mahkumlar qismati” loyihasidan ko‘zlangan maqsad ham shu.
Navbatdagi suhbatdoshimiz ayni paytda Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan Ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan 29 yoshli Shahlo Jumaniyozova.
Ikki nafar farzandning onasi, asli qoraqalpog‘istonlik bu yoshgina ayolning qo‘liga kishan solinganida, uning qo‘lida emizikli bolasi bor edi. Suhbat asnosida aynan shu holat ko‘z o‘ngida jonlandimi, ayol ko‘z yoshlarini tiya olmadi... Rostdan ham onaning farzandidan uzoqlashishidan ko‘ra og‘irroq qayg‘u va alam yo‘q.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hasfrR1rsqQ" title="Qo‘liga kishan solinganida uning qo‘lida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Xo‘sh, nima bo‘lgan edi? Turmush o‘rtog‘i, ikki nafar farzandi bilan Toshkent shahrida binoyidek yashayotgan ayol qanday qilib jinoyatchiga aylanib qoldi?
- Men xolamni va uning turmush o‘rtog‘ini pichoqlab qo‘yganman. Aslida o‘ldirish niyatim bo‘lmagan. Biz ularnikiga mehmonga borgandik. Shu bahona nimagadir urushib qolgan onam va xolamni yarashtirib qo‘ymoqchi edim. Lekin o‘xshamadi. Shu yerda ham ular tortishib ketishdi. Xolam onamni haqorat qilishni to‘xtatmadi. Onam esa ko‘z yosh to‘kar edi. Men bunga chidab tura olmadim. Qo‘limga qanday qilib pichoq olganimni bilmay qoldim. Xolamni shunchaki qo‘rqitib qo‘ymoqchi edim. Lekin vaziyat jiddiylashib ketdi. Xolamga bir necha marta pichoq sanchdim. Baqir-chaqirni eshitib pochcham keldi. Unga ham pichoq tegdi. Qo‘shni xonadonda o‘tirgan turmush o‘rtog‘im voqealardan xabar topib yetib keldi. Qo‘limdan pichoqni olib otib yubordi.
Jinoyat sodir bo‘ldi, ammo achinarlisi, bu jinoyatga Shahloning turmush o‘rtog‘i ham aralashib qoldi.
Chunki u bolalarini tirik yetim qilmaslik uchun dastavval Shahloni huquq-tartibot organidan yashirishga urindi. Bekinish befoyda ekanini tushunib yetgach, hamma aybni bo‘yniga olib, ayolini qutqarishni reja qildi. Biroq, jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari bularni inkor qildi, albatta.
Jabrlanuvchi xola Shahloni ham, uning turmush o‘rtog‘ini ham o‘zini o‘ldirishga suiqasd qilganlikda aybladi. Shu tariqa Shahlo 7 yilga, uning turmush o‘rtog‘i 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Bu voqealar 2021 yilda sodir bo‘lgan. Shundan beri mahkumaning ikki o‘g‘li onasi va singillari qaramog‘ida.
Mahkuma boshidan o‘tganlarni so‘zlar ekan, chekayotgan afsus nadomatining cheki yo‘qligini aytdi. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘ining hayotiga qora tortgani uni ko‘proq azoblamoqda. Bolalarini hech bo‘lmasa otasiz qoldirmasligi mumkinligini o‘ylab vijdon azobidan qiynalayotgani u bir necha marta takrorladi.
Bu voqea dono xalqimizning “bilmayin bosdim tikanni, tortadirman jabrini” maqolini yodga soladi. Bu maqol esa barchamizga qadam bosishdan oldin o‘sha yo‘lga nazar solish, o‘ylab qadam bosishni uqdiradi.
Norgul Abduraimova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA