Prezident Islom Karimov ezgulik maskaniga tashrif buyurdi
Istiqlol yillarida mamlakatimizda vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash, ularning qonuniy asoslarini yaratish va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini ta’minlash, ularning qonuniy asoslarini yaratish va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Imon-e’tiqod, mehr-oqibat, shafqat va muruvvat kabi fazilatlar xalqimiz ma’naviy hayotini yuksaltirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy urf-odat va qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas dinimizni, aziz avliyo va ulamolarimizning boy merosini teran o‘rganish, ularning qadamjolarini obod qilish, tarixiy obidalarni asrab-avaylash yo‘lida beqiyos ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Hazrati Imom majmualari singari tabarruk maskanlarda olib borilgan katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari natijasida bunday obidalar diyorimizning go‘zal, fayzli maskanlariga aylandi.
Ana shunday savobli va ulug‘vor ishlarning uzviy qismi sifatida diniy ma’rifat asoslarini, dunyoviy ilmlarni chuqur o‘rganish maqsadida Toshkent Islom universiteti tashkil qilindi va talabalarning zamonaviy tahsil olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratildi.
Bunday savobli va olijanob ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, mamlakatimiz poytaxti azim Toshkentning ko‘hna Minor mavzesida muhtasham masjid barpo qilindi.
Ilgari xabar berganimizdek, davlatimiz rahbari Islom Karimov shu yilning 18-iyul kuni bu maskanda bo‘lib, qurilish ishlari bilan tanishgan edi.
Yurtboshimiz bu yerda mohir quruvchi, muhandis va ustalarning faoliyati bilan tanishar ekan, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida fikr bildirib, majmuani yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim ko‘rsatma va tavsiyalar bergan edi.
Oradan ikki yarim oy o‘tib, majmuadagi ishlar o‘z nihoyasiga yetdi. Bugun, muqaddas Qurbon hayiti arafasida Islom Karimov ushbu ezgulik maskaniga tashrif buyurdi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Prezidentimiz g‘oyasi va amaliy takliflari asosida yaratilgan ushbu loyihada milliy me’morchiligimizning, butun dunyoda mashhur bo‘lgan masjid va madrasalar qurishning azaliy an’ana va uslublaridan ijodiy foydalangan holda, har jihatdan betakror, muazzam majmua barpo etish ko‘zda tutilgan edi.
Davlatimiz rahbari muhtasham majmuani va uning atrofida olib borilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Muqaddas dinimizga muvofiq masjidda Qur’oni karimdan tilovat qilindi.
Islom Karimov masjidning ichki va tashqi ko‘rinishi, bahavo ayvonlari, milliy o‘ymakorlik uslubida ishlangan ustunlar, bino qubbasidagi oltin suvi bilan ziynatlangan naqshlarni ko‘zdan kechirib, qo‘li gul ustalarning mehnatiga munosib baho berdi.
Ayni vaqtda nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamizda yagona, betakror bo‘lgan ushbu dinu diyonat maskani har jihatdan mukammal bo‘lishi, bu yerga toat-ibodat niyatida keladigan mo‘min-musulmonlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish bo‘yicha quruvchi va mutaxassislarga zarur topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Xalqimizning pok qalbini, olijanob orzu-intilishlarini, ezgu niyatlarini o‘zida mujassam etgan ushbu muazzam me’moriy majmua ma’naviyatimizni yanada yuksaltirishga, yurtimizda ezgulik nurini ziyoda etishga xizmat qilishi muqarrar.