Oliy ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda yangi bosqich boshlandi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha faoliyatini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha faoliyatini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.Ushbu hujjat bizning institutimizda ham ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Jumladan, qarorga ko‘ra, 2017-2021-yillarda institut qabul kvotasi amaldagiga nisbatan 23,9 foiz ko‘payishi kutilmoqda. Shuningdek, yangidan 3 bakalavriat yo‘nalishi va 7 magistratura mutaxassisligi ochiladi.
Institutimiz ayni paytda AQSh, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Polsha, Portugaliya, Gretsiya, Chexiya, Rossiya, Estoniya, Latviya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy va boshqa davlatlarning 60 dan ortiq yetakchi turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu hamkorlik doirasida o‘qituvchilarimiz xorijda malaka oshirib kelmoqda. Chet ellik mutaxassislar kelib, talabalarimiz va yosh ilmiy xodimlarga o‘z tajribalarini o‘rgatmoqda. Qarorda belgilangan chora-tadbirlar va pedagoglarga beriladigan imtiyozlar tufayli endilikda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengayadi.
Pedagog kadrlarni rag‘batlantirish maqsadida rektor jamg‘armasi tuziladi va undan pedagogning o‘quv jarayoniga qo‘shgan hissasi va kasb mahorati, yuqori ta’lim sifati, tarbiya jarayonidagi samarali ishtirokiga qarab oylik maoshiga ustama haq to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Pedagogning o‘quv jarayoniga qo‘shgan aniq hissasi, mahorati, ta’lim sifatini aniqlash uchun ilg‘or xorijiy tajribadan foydalangan holda ichki attestatsiya tizimi ishlab chiqiladi.
Mazkur qaror ijrosi doirasida institutda 2018-yilda 720 o‘rinli zootexnika fakulteti uchun yangi bino quriladi. Keyingi yillarda yana 3 o‘quv binosi bunyod etiladi, 2 talabalar turar joyi kapital ta’mirlanadi, 14 o‘quv va 2 ilmiy laboratoriya bazasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Institutning barcha hududini qamrab oladigan va yuqori tezlikda ishlaydigan simsiz Wi-Fi qurilmalari ishga tushiriladi.
Samarqand va qo‘shni viloyatlar qishloq xo‘jaligi xususiyatlaridan kelib chiqqan holda institutning ixtisoslik yo‘nalishlari va mutaxassisliklari optimallashtiriladi. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va tabiiy-iqlim sharoiti hisobga olingan holda Sirdaryo viloyatida anorchilik, Qashqadaryoda yilqichilik, baliqchilik va parrandachilik, Navoiy va Buxoro viloyatlarida qorako‘lchilik, Samarqandda issiqxona bog‘dorchiligi va sabzavotchiligi, tropik va dorivor o‘simliklar yetishtirish yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqarish, qayta ishlash texnologiyasi, echkichilik kabi istiqbolli tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan o‘quv dasturlari va fanlari kiritiladi.
Ayni kunlarda institutimizda qaror ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar jadal amalga oshirilmoqda. O‘tgan vaqt davomida yangi avlod o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va oliy ta’lim tizimiga keng tatbiq etish bo‘yicha bir qator ishlar bajarildi. Xorijiy grantlar asosida eng yangi ilmiy adabiyotlar sotib olindi va tarjima qilish boshlandi.
Toshtemir Ostonaqulov,
Samarqand qishloq xo‘jalik instituti rektori.